Umurtqali
Kitob hakidaKirishO`simliklarHayvonlarAdabiyotlar

 

Home>Hayvonlar>Umurtqali

 

25.

Echkemar

Desert Monitor

Varanus griseus (Daudin, 1803)

ssp. caspius (Eichwald, 1831)

 

 

Maqomi. 2: Janubi-g`arbiy Palearktika turining zaif, qisqarib borayotgan, mozaik tarqalgan Turon kenja turi.

Tarqalishi. Janubiy Orolbo`yidan Farg`ona vodiysigacha bo`lgan tekisliklar. O`zbekistondan tashqarida: O`rta Osiyo va Qozog`istonning janubi, Afroniston, Eron. Osiyoning g`arbi-janubida, Shimoliy Afrika, Hindiston, Pokistonda - boshqa kenja turlari.

Yashash joylari. Cho`lning qumli va tuproqli yerlari, tekislik va tog`larning pastki qismlaridagi (d.s.b. 1000 m.-gacha) daryo vohalari.

Soni. 1970-yillarda lokal populyatsiyalarda har gektariga 3-6 tasi hisobga olinar edi. 1990-yillarning boshlarida ularning umumiy soni 45 mingga, alohida farg`ona populyatsiyasida esa 200-ga yaqin bo`lgan. Hozirda aksariyat yashash joylarida yo`q bo`lib ketgan, qolganlarida esa juda kam sonli.

Yashash tarzi. Aprel-oktabrda faol. Katta qumsichqon va tulkilar tashlab ketgan uyalarida berkinadi va o`sha yerda qishlaydi ham. May-iyunda juftlashadi. Iyun-iyulda 6-20 tuxum qo`yadi. Tuxumdan chiqqan bolalari yer yuziga bir qishlovdan so`ng chiqishadi, jinsiy voyaga 3 yoshdan oshganda yetishadi. Hasharotlar, sudralib yuruvchilar, qushlar va ularning tuxumlari, mayda sutemizuvchilar bilan oziqlanadi.

Cheklovchi omillar. Cho`l zonalarida qo`riq yerlarning o`zlashtirilishi, ayniqsa shudgorlash va sug`orish; inson tomonidan ta'qib qilinishi, yo`llarda avtotransportdan nobud bo`lishi.

Ko`paytirish. Ko`paytirilmagan. Hayvonot bog`larida saqlanadi.

Muhofaza choralari. Ovlash taqiqlangan. Nurota, Qizilqum va Surxon qo`riqxonalarida muhofaza ostiga olingan. SITESning 1-Ilovasiga kiritilgan. Farg`ona vodiysida muhofazasini tashkillashtirish lozim.

 

 

26.

Ko`ndalang chiziqli bo`ritish ilon

Northern (Schaw's) Wolf Snake Lycodon striatus (Schaw, 1802)

ssp, bicolor (Nikolsky, 1903)

 

 

Maqomi. 2: Janubiy Osiyo turining zaif, tabiatan kamyob, lokal tarqalgan Eron-Turon kenja turi.

Tarqalishi. Surxondaryo vil. janubi, Zarafshon, Turkiston, Nurota t., Toshkent vil. tekislik va tog` etaklari. O`zbekistondan tashqarida: Turkmaniston, Tojikiston, Eron, Afg`oniston, Pokiston va Hindiston shimoli. Pokiston va Hindistonning janubi, Shri-Lankada — boshka kenja turi.

Yashash joyi. Sog` tuproqli va toshli g`ir-adirlar, siyrak yarimcho`l o`simliklari bilan qoplangan past tog`lar (d.s.b. 1800 metrgacha).

Soni. Barcha joyda kam sonli; O`zbekistonda sanoqli topilmalardan ma'lum.

Yashash tarzi. Aprel-oktabrda tunlari faol, kunduzi tuproq yoriqlarida, toshlar ostida, eski paxsa devorlar kavagida, kemiruvchilar inlarida yashirinadi va o`sha yerda qishlaydi ham. Taxminan may oyida juftlashadi, iyun-iyulda 2-5-ta tuxum qo`yadi. Mayda kaltakesaklar bilan oziqlanadi.

Cheklovchi omillar. Yerlarning o`zlashtirilishi.

Ko`paytirish. Ko`paytirilmagan.

Muhofaza choralari. Surxondaryo, Kitob va Nurota qo`riqxonalarida Muhofaza ostiga olingan.

 

 

27.

Qapcha ilon

Oxus (Central Asian) Cobra

Naja oxiana (Eichwald, 1831)

 

 

Maqomi. 3: Zaiflarga yaqin, mozaik tarqalgan Eron-Turon turi. TMXI Qizil ro`yxatiga kiritilgan [DD].

Tarqalishi. G`arbiy Pomir-Oloy, Markaziy va Janubiy Qizilqum, Qarshi cho`llari. O`zbekistondan tashqarida: Turkmanistonning janubiy qismi, Tojikiston, hamda Eron, Afg`oniston, Pokiston, Hindistonning shimoliy qismlari.

Yashash joylari. Shag`al va tuproqli adirlar, qoldiq tog`lar va d.s.b. 2000 metrgacha bo`lgan tog`lar, daryo qayirlari va vohalar, ba'zan cho`l va yarim cho`llar. Soni. 1980-yillarda janubiy hududlarda (Bobotog` etaklari, Sandiqlicho`l) 1,5 gektar maydonda 1 dona uchrar edi; o`rtacha zichligi 1 kv. km maydonda 0,5-5-ni tashkil etar edi. Hozirda ayrim yashash joylarida butunlay yo`q bo`lib ketgan, qolganlarida esa soni kamayib ketgan.

Yashash tarzi. Mart-oktabrda (yozda - asosan tunlari) faol; tuproq yoriqlari, toshlar osti, kemiruvchi va toshbaqalar inlariga yashirinadi va o`sha yerda qishlaydi. May oyida juftlashadi. Iyulda 6-19 ta tuxum ko`yadi. Bolasi avgust-sentabrda tuxumdan chiqadi, 3-4 yoshda jinsiy voyaga yetadi. Sudralib yuruvchilar, baqalar, ayrim hollarda mayda qush va sutemizuvchilar bilan oziqlanadi.

Cheklovchi omillar. Yerlarning o`zlashtirilishi, inson tomonidan ta'qib qilinishi.

Ko`paytirish. Urg`ochisining tabiatda urug`lantirilgan tuxumlari inkubatsiya davrini muvaffaqiyatli o`taydi. Serpentariy sharoitiga yaxshi ko`nikadi.

Muhofaza choralari. Ovlash taqiqlangan. Surxon, Hisor, Kitob va Nurota qo`riqxonalarida muhofaza ostiga olingan. SITESning II-Ilovasiga kiritilgan.

© Web-design  Burnashev R.F., 2005